2026 - yilning 2 - soni
Annotatsiya
Annotatsiya. Maqolada jadid pedagogikasining tamoyillari va metodologik yondashuvlari zamonaviy ta‘lim tizimi bilan integratsiyalashuvi tarixiy-pedagogik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Buxoro jadidchiligining ma‘rifiy-pedagogik merosi –usul-us-savtiya (yangi tovush usuli), ta‘lim mazmunini tanlashning hayotiylik, milliylik va zamonaviylik mezonlari, shuningdek, «Yosh buxoroliklar» harakatining ma‘rifiy dasturlari tadqiqot obyekti sifatida olingan. Jadid pedagoglarining ilgari surgan g‗oyalarini zamonaviy pedagogik-lingvistik va didaktik tushunchalar (fonetik metodi, metalingvistik ong, «deep learning» yondashuvi) bilan qiyoslab, ularning uzviyligini asoslaydi. Tadqiqotda, shuningdek, 1911–1923-yillarda chet elga o‗qishga yuborilgan buxorolik talabalar tajribasi va Buxoroda 2023-yilda tashkil etilgan Jadidchilik merosi davlat muzeyining ilmiy-ma‘rifiy salohiyati ko‗rib chiqiladi. Tahlil natijasida jadid pedagogik merosini zamonaviy ta‘lim dasturlariga integratsiya qilishning amaliy modeli taklif etiladi.
Kirish
Milliy istiqlol yillarida O‗zbekiston ta‘lim tizimini tubdan isloh qilish, uni
zamon talablariga moslashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‗nalishlaridan biriga aylandi.
Ushbu jarayonda XX asr boshlarida Turkiston va Buxoroda yuzaga kelgan jadidchilik
harakatining ma‘rifiy-pedagogik merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat
Mirziyoyev 2023-yil 22-dekabrda bo‗lib o‗tgan Ma‘naviyat va ma‘rifat kengashi yig‗ilishida
ta‘kidlaganidek [1], ma‘rifatparvar ajdodlarimizning merosi yangi O‗zbekistonni barpo etish
strategiyasi bilan uyg‗un bo‗lib, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‗rsatib bergan yo‗ldan borishi
zarur. Ushbu qarash jadid pedagogik g‗oyalarini nafaqat tarixiy hodisa, balki zamonaviy ta‘lim
islohotlarining metodologik manbayi sifatida qayta anglashni taqozo etadi.
Jadid pedagoglari tomonidan ilgari surilgan g‗oyalar – o‗quv jarayonini
insonparvarlashtirish, milliy o‗zlikni anglash, ilm-fanni hayot bilan bog‗lash – bugungi kunda
ham dolzarbligini yo‗qotgani yo‗q. Ayni paytda, ushbu merosni zamonaviy ta‘lim tizimiga
tizimli tarzda integratsiya qilishning aniq mexanizmlari yetarlicha ishlab chiqilmagan. Mazkur
maqolaning maqsadi jadid pedagogikasining asosiy tamoyillarini zamonaviy pedagogik-didaktik
tushunchalar bilan qiyosiy tahlil qilish va ularni amaliy ta‘lim jarayoniga tatbiq etishning
mumkin bo‗lgan yo‗llarini asoslashdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari quyidagilardan iborat: 1) jadid ta‘lim-tarbiya konsepsiyasining
tarixiy shakllanish bosqichlarini yoritish; 2) usul-us-savtiya metodining zamonaviy o‗qitish
metodikasi bilan uyg‗unligini ko‗rsatish; ....